BYUDJET TASHKILOTLARI BUXGALTERLARIGA YORDAM

                                             

«UzASBO» dasturiy majmuasi haqida

    O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan byudjet tashkilotlari buxgalteriya hisobini yurituvchi “UzASBO” dasturiy majmuasi 2011 yilda foydalanishga topshirilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2010 yil 22 dekabrda 2169-son bilan ro‘yxatga olingan “Byudjet tashkilotlarida buxgalteriya hisobi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma” talablariga to‘liq javob beruvchi va respublikamizda Web-texnologiyaga asoslangan holda ishlab chiqilgan ilk dasturiy majmualardan biridir. Dasturdan foydalanish bepul bo‘lib, hozirda undan 26000 dan ortiq tashkilotlar foydalanib kelmoqda. Bugungi kunda byudjet tashkilotlari shaxsiy g‘azna hisobvaraqlaridan ko‘chirmalarni elektron ko‘rinishda mazkur dasturiy majmuadan olish imkoniyatiga ega. Shuningdek, dasturiy majmua orqali to‘lov topshiriqnomalar g‘aznachilik organlariga va moliyaviy hisobotlar yuqori turuvchi tashkilotlarga hamda moliya organlariga elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan holda to‘liq elektron ko‘rinishda taqdim etilmoqda.
    2012 yilda “UzASBO” dasturiy majmuasining byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarini hisoblashga ixtisoslashtirilgan alohida moduli ishlab chiqildi. Hozirda byudjet tashkilotlari tomonidan ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar bo‘yicha xarajatlarga naqd pul olishga so‘rovnomalar – g‘aznachilik organlariga, jamg‘arib boriladigan pensiya badallari bo‘yicha xodimlar reyestri – Xalq banki filiallariga, plastik vedomostlar ro‘yxati esa Ipoteka bank, Agrobank, Mikrokreditbank, Qishloqqurilishbank, O‘zsanoatqurilishbank, Asaka bank, Turonbank, Xalq banki va Ipak yo‘li banklariga elektron ko‘rinishda yuborilmoqda.